Qadimgi Xitoy dini

Miloddan avvalgi II ming yillikning boshlarida Qadimgi Xitoy dini vujudga kelgan. Qabila ittifoqi davlatga o'sib o'tishi natijasida hukmron In qabilasining homiysi Shandi bosh xudo sifatida qabul qilingan. Qudratli xudolarga sig'inish urug'-qabila dinlari negizida shakllanganligi sababli unda totemiz va animizmning ta'siri kuchli bo'lgan. Xitoyliklar Shandini ulug' ajdod sifatida qadrlaganlar. U elat farovonligining himoyachisi, ajdodlar an'analariga amal qilinishining nazoratchisi sifatida mazkur tar- tibni buzganlarni jazolagan. Odamlar unga o'z kundalik muammolarini hal etishda ko'mak so'rab sig'inganlar. Shandining ulug' ajdod sifatidagi vazifasi keyinchalik ajdodlar ruhiga sig'inishning mamlakatda keng yoyilishiga shart-sharoit yaratgan.
Miloddan avvalgi XI asrda Xitoyda Chjou sulolasining hukmronligi davrida Shandiga e'tiqod Osmon xudosi va ajdodlar ruhiga sig'inish bilan almashgan. Shu bilan birga, hukmdorning Osmon xudosi bilan nasliy bog'liqligi g'oyasi vujudga kelgan va Xitoy osmonosti imperiya deb ataladigan bo'lgan.
Osmon xudosi borliqni belgilovchi o'zgarmas koinot tartibini ifodalaydi. Koinotda amal qiluvchi tartib jamiyatda axloq normalarida namoyon bo'ladi. Fozillikka intilish Osmon qonuniyatlariga amal qilish bilan ayniylashtirilgan. Bunda kishining asosiy vazifasi Osmon bilan to'g'ri munosabatda bo'lish, jahoniy tartibga mos kelishdir. Jahoniy tartib borliqda, tabiatda o'zini namoyon qiladi. Zero, borliq va tabiat ilohiy mukammallikning bir ko'rinishi ekan, inson bu tartibni buzishga haqli emas. Kishi tabiat bilan uyg'un yashashi, undagi mukammallikka intilishi kerak. Tabiatdagi mukammallikka intilish odamlar o'rtasidagi munosabatlarga ta'sir etgan. Xitoyliklar har bir odamda ijtimoiy ahvolidan qat'i nazar mukammallik mavjud deb qaraydilar.
Qadimgi Xitoy dinining xususiyatlaridan yana biri shundaki, kohinlar tabaqasi jamiyatda kuchli mavqega ega, lekin bu yerda kohin va davlat xizmatchisining vazifasi bir bo'lgan. Chunki imperator Osmon xudosining yerdagi vakili, birinchi kohin sifatida diniy marosimlarni bajarish vazifasini davlat xizmatchilarining zimmasiga yuklagan. Ularning asosiy vazifasi davlatning barqarorligini ta'minlash bo'lganligi sababli Osmon xudosiga sig'inish rasmiy-byurokratik mazmun kasb etgan.
Shandi, Osmonga va ajdodlar ruhiga sig'inish Qadimgi Xitoy madaniyatining asosi vazifasini bajargan. Ularning asosida daosizm va konfutsiylik diniy-falsafiy ta'limotlari shakllangan.
Qadimgi Xitoy diniy falsafiy ta'limotlardan biri daosizmdir. U falsafiy ta'limot sifatida miloddan avvalgi VII asrda vujudga kelgan. Miloddan avvalgi IV-III asrlarda diniy ta'limot sifatida mustahkamlangan. Daosizm ta'limotning asoschisi - mutafakkir murabbiy Lao-szti.
Mazkur diniy ta'limotning asosini Dao to'g'risidagi qarashlar tashkil etadi. Dao - borliq, koinot to'g'risidagi qonun, dunyoning universal birligi, ilohiy absolut (lotincha absoluts - cheklanmagan, so'zsiz, shubhasiz degan ma'nolarni anglatadi, borliqning abadiy ibtidosi)dir. Daoni hech kim yaratmagan, borliq undan boshlanadi va unga qaytadi.
Dao ilohiy ibtido va ayni bir vaqtda ilohiy yo'ldir. Dunyodagi barcha narsa va hodisalar, jumladan buyuk Osmon ham shu yo'ldan boradi. Baxtga erishishni orzu qiladigan barcha odamlar shu yo'ldan borishi, Daoni anglashi va unga qo'shilishi kerak. Odam mikrokosm, Dao makrokosm va abadiydir. Uning o'limi bu ruhning tanadan ajralib chiqishi va makrokosmga singib ketishidir. Odamning vazifasi ruhning jahon tartibi bilan qo'shilib ketishiga harakat qilishdan iborat. Bunga quyidagicha erishiladi.
Dao ta'limotiga ko'ra, Dao yo'liga De kuchi xosdir. De orqali har bir kishida Dao namoyon bo'ladi. De odamlarni maqsadga erishishlarida faollikka undamaydi. De ularni tabiat tartiblarini buzishdan saqlaydigan faolsizlikka chorlaydi. Odam o'zligini anglashdan borliqni bilish sari boradi. Daoning ideali - tabiat bilan uyg'unlikda, uning maromiga monand yashaydigan kishilar.
Doasizm Qadimgi Xitoy diniy tizimining diniy mistik sohasi rivojlanishiga katta hissa qo'shgan bo'lsa, konfutsiylik diniy e'tiqoddagi hayotiylik, ijtimoiylik va axloqiylik jihatlarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo'lgan. Konfutsiylikning asoschisi Qadimgi Xitoy mutafakkiri Kun-sztidir.
Konfutsiy qarashlarini shogirdlari bilan o'zaro suhbatlarda bayon qilganligi sababli yozma manbalarni qoldirmagan. Uning g'oyalarini shogirdlari va do'stlari yozib borgan. Mazkur hujjatlar asosida keyinchalik Lun'-yuy (suhbat va mulohazalar) nomli kitob chop qilingan.
O'sha davrda davlatda o'zaro urushlar kuchayib, ijtimoiy barqarorlik yo'qolgan. Shu bois Konfutsiy jamiyatni mustahkamlashning diniy- axloqiy asoslarini ishlab chiqishga, ijtimoiy barqarorlikka esa qadimgi e'tiqod va an'analarni qayta tiklash bilan erishishga intilgan. Mutafakkir kishilarni osmonga va ajdodlar ruhiga sig'inishning ilgarigi ahamiyatini qayta tiklashga da'vat etgan.
Qadimgi an'analarga ko'ra, dunyo tartibli va o'zaro aloqador abadiy ibtido bo'lib, bir xil qonuniyatlar asosida spiralsimon rivojlanadi. Odam o'zaro aloqador va tartibli olamda o'z o'rnini topishi kerak. Buning uchun u mukammallikka intilishi zarur. Konfutsiy mukammallikka intiluvchi ideal kishi to'g'risidagi g'oyani ishlab chiqqan. Olam bilan hamohang yashashga qodir bo'lgan insonni olijanob er, uning antipodini past kishi deb atagan. Ideal kishiga quyidagi beshta sifat xos: hissiylik, burch, bilim, me'yorni bilish hissi va ishonch.
Olijanob inson burch va qonunga itoat etadi. Past kishi yog'li joyni egallashga va ko'proq foyda olishga intiladi. Birinchisi o'ziga ikkinchisi odamlarga talabchandir. Olijanob inson to'g'risida uning mayda ishlariga qarab baho berib bo'lmaydi, lekin katta ishlarni unga ishonib topshirish mumkin. Past kishiga katta ishlarni ishonib topshirib bo'lmaydi, uning mayda ishlariga qarab xulosa chiqarsa bo'ladi. Birinchisi odamlar bilan kelishib yashaydi, lekin ularga taqlid qilmaydi. Past kishi boshqalarga ergashadi, lekin ular bilan kelishib yashay olmaydi. Olijanob insonga xizmat qilish oson, lekin uni xursand qilish qiyin, chunki u zaruratdan shodlanadi. Ikkinchisini xursand qilish oson, lekin unga xizmat qilish qiyin. Olijanob inson insonparvarlik va zarurat sababli o'limga tik boradi, ammo past kishi umrini o'z joniga qasd qilish bilan yakunlaydi. Olijanob inson uch narsadan: Osmon amridan, buyuk insonlardan va aqlli so'zlardan qo'rqadi. Past kishi Osmon amrini bilmaydi va undan qo'rqmaydi, amali katta aqlli odamlardan nafratlanadi, ularning maslahatlariga amal qilmaydi .
Barqaror jamiyat to'g'risidagi g'oyalar ijtimoiy tartibotning asosiy tamoyilini ishlab chiqilishiga asos bo'lgan. Ota otaligini, farzand farzandligini, hukmdor hukmdorligini, xizmatchi xizmatchiligini qilsin, ya'ni har bir kishi o'z vazifasi va huquqini bilsin hamda talab qilingan ishni bajarsin. Jamiyat shu asosda yuqori (boshqaruvchi) va past (mehnatkash) tabaqalarga ajratilgan. Tabaqalar o'rtasidagi tafovut nasl- nasabi, davlati bilan emas, balki bilimi va fazilatlari bilan belgilangan. Bu past tabaqa vakillarining iste'dodi va fazilatlari bilan mansab shohsupasidan imperatorgacha ko'tarilishiga imkon bergan. Xitoy tarixida past tabaqa vakillarining imperator taxtini egallab, o'z sulolasiga asos solgan yoki davlat boshlig'i lavozimiga ko'tarilganligi to'g'risida ko'plab misollar keltirish mumkin.
Konfutsiylikda ajdodlar ruhiga sig'inish marosimlari asosiy o'rinni egallagan va ularning aniq bajarilishiga katta e'tibor berilgan. Marosim orqali har bir kishi koinotning cheksiz oqimida o'z o'rnini topadi, deb hisoblangan.
Diniy etikada syao ta'limoti qabul qilingan. Unga ko'ra, har bir farzand ota-onasini hurmat qilishi va doimo ularga sodiq qolishi talab qilinadi. Oqil farzand ota-onasi kim bo'lmasin, ulardan voz kechishga haqli emas. Xitoy diniy rivoyatlarida ota-onasi och qolganda, ularga tanasini kesib, undan taom tayyorlab bergan farzandlar to'g'risida hikoya qilingan.
Ajdodlar ruhiga sig'inish va syao ta'limoti oilaviy qadriyatlarning jamiyatda mustahkamlanishiga yordam bergan. Oila jamiyatning negizini tashkil qilgan va shaxs manfaatlaridan oila manfaatlari ustun qo'yilgan. Oilaviy munosabatlarni tashkil etishda hissiyot, tuyg'ular muhim emas. Muhabbat o'tkinchidir. Uning yo'qligi er-xotinning asosiy burchi hisoblanuvchi ko'p farzandli bo'lish va ularga tarbiya berish vazifasining bajarilishiga xalaqit bermasligi lozim.
Ajdodlar ruhiga sig'inishning muhim jihatlaridan biri - kattalarga so'zsiz bo'ysunish. Har qanday katta kishiga, ota-ona, davlat xizmatchisi yoki hukmdorga kichik, xodim yoki fuqaro so'zsiz itoat etishi lozim. Yoshlarni kattaga ko'r-ko'rona bo'ysunishi fozillik hisoblangan.
Xulosa sifatida qayd etish lozimki, hozirgi davrda konfusiylik Xitoyda oldingi mavqeini yo'qotgan bo'lsa-da, diniy e'tiqod sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan.


Muallif Admin
Klass!