Diniy ekstremizm va fundamentalizm

Reja:

I.   Fundamentalizmning vujudga kelishi;

II.  Ekstremizmni keltirib chiqaruvchi omillar;

III. Terrorizmga qarshi kurashda dinning roli;

IV.  Radikal diniy oqimlar.

 

Diniy ekstremizm - muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassib, fanatik unsurlarning faoliyati mafkurasi. Fanatizm o‘z aqidasining shak-shubhasiz to‘g‘riligiga ishonib, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda ularni tan olmaslik, balki ularni diniy asoslarni buzishda ayblab, ularga qarshi urush ochishga olib boradigan omillardandir. Diniy fanatizm diniy ekstremizm va terrorizmga zamin tayyorlaydi.

 

Fundamentalizm - ma’lum din vujudga kelgan ilk davriga qaytish va bu yo‘l bilan zamonaning barcha muammolarini hal qilish mumkin degan fikrni ilgari suruvchilarning yo‘nalishi. Diniy fundamentalizm - aqidaning o‘zgarmasligini himoya qiladigan, vahy va mo‘‘jizalarning muqaddas kitoblardagi bayonining harfiy talqini tarafdori, ularning har qanday majoziy talqiniga murosasiz, so‘zma-so‘z talqinga asoslangan e’tiqodni aqlga tayangan mantiqiy dalillardan ustun qo‘yadigan, muayyan diniy e’tiqod shakllanishining boshlang‘ich davrida belgilangan barcha yo‘l-yo‘riqlarni qat’iy va og‘ishmay bajarilishini talab qiladigan diniy oqimlarni ifodalashda qo‘llaniladigan istilohdir.

 

Fundamentalizm iborasi birinchi bor I Jahon urushi arafasida vujudga kelgan protestantizmdagi ortodoksal oqimlarni ifodalash uchun ishlatilgan. Bu oqim 1910 yildan keyin shu nom bilan atala boshlagan. Fundamentalistlar xristianlikning an’anaviy aqidalariga, ayniqsa Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonishni mustahkamlashni, uni so‘zma-so‘z sharhlashga qat’iy rioya qilishni talab qildilar. Bu oqim keyinchalik Amerikada keng tarqalib ketdi. 1919 yili Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assosiasiyasiga asos solindi.

 

Asrimizning 70-yillaridan boshlab esa, bu so‘z islomga nisbatan qo‘llanila boshlandi. Islom fundamentalizmi zamonaviy islomdagi uch yo‘nalishdan biridir (qolgan ikkitasi - tradisionalizm va modernizm). Islom fundamentalizmining asosiy g‘oyasi - «sof islom» prinsiplariga qaytish, maqsadi «islomiy taraqqiyot» yo‘lini joriy etishdir.

 

XX asrning 80-90-yillarida butun dunyoda diniy omilning faollashuvi sobiq sovetlardan keyingi hududda ham o‘z aksini topdi. Bu davr jamiyat taraqqiyotida, bir jihatdan, diniy e’tiqodning ijtimoiy-madaniy hayotdagi tabiiy mavqei tiklanayotgan, ikkinchi tomondan, mazkur asosda ayrim mafkuraviy ziddiyatlar tug‘ilishi vaqti bo‘ldi.

 

Asosiy qonunimizda yana shu narsa qat’iy qilib belgilab qo‘yilganki, konstitusiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, Respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi (57-modda).

 

O‘rta Osiyodagi respublikalar o‘z mustaqilligiga erishishi va uning mustahkamlanishi davrida «islom omili», «islom uyg‘onishi», «qayta islomlashish», «islom fenomeni» kabi iboralar tobora ko‘proq ishlatilib, bu hol ularning beqiyos faollashuvini o‘zida aks ettirdi. Bunga sabab sobiq Sovet davlatining mafkuraviy tasavvurlari va qadriyatlarining emirilib, muayyan vaqt davomida hosil bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirish zarur edi. Kommunistik mafkura ma’naviy jihatdan qashshoq bo‘lib, o‘ziga xos mutaassibligi va muayyan millatlar manfaatlariga qarshi qaratilganligi bilan sho‘ro hokimiyatidan keyingi makonda diniy fundamentalizm uchun qulay sharoit tug‘dirdi.

 

Sobiq ittifoqdagi hukmron partiyaning namoyandalari diniy jamoalarni xalqlarning aql idrokini egallash uchun kurashda o‘zlarining raqibi deb hisoblashi dinning pinhoniyatga chekinishi va hatto uning muayyan ma’nodagi muxolif kuchga aylanishiga olib keldi. O‘sha davrda dinning ta’qib ostida bo‘lib kelgani, islom dinining eng salohiyatli ulamolari qatag‘on qilinishi, minglab masjid va madrasalarning buzib tashlanishi diniy taassubni yo‘qotishga emas, balki uning ildizlarini oziqlantiruvchi xatarli omillarning kuchayishiga olib keldi. Millatlar orasida o‘zlikni anglash tuyg‘usi, etnik jihatdan nasl-nasabini izlashga intilishlari beqiyos kuchaydi.

 

O‘zbekistonga nisbatan islom fundamentalizmining tahdidi aqidaparastlikni yoyish, bu yo‘l bilan musulmonlarni islohotchi davlatga ishonchini yo‘qotishga urinishda o‘zini namoyon etmoqda. Bunday guruhlar mustahkamlanib borayotgan umummilliy birdamlik va hamjihatlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikka rahna solishga harakat qilmoqdalar. Demokratiya va dunyoviy davlat tushunchalarini, e’tiqod erkinligiga asoslangan ko‘p konfessiyali dunyoviy jamiyatni obro‘sizlantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdalar.

 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Eng avvalo, jamiyat, guruh, alohida shaxs ma’naviy hayotining muayyan sohasi bo‘lgan din umuminsoniy axloq meyorlarini o‘ziga singdirib olgan, ularni jonlantirgan, hamma uchun majburiy xulq-atvor qoidalariga aylantirgan.

 

Binobarin din odamlarda ishonch hissini mustahkamlagan. Ularni poklab, yuksaltirgan. Hayot sinovlari, muammo va qiyinchiliklarni engib o‘tishlarida kuch bag‘ishlagan. Umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan avlodga etkazishga yordamga kelgan.

Dinning yuksak rolini e’tirof etish bilan birga diniy dunyoqarash tafakkurning, insonning o‘zini o‘rab turgan dunyoga o‘zi kabi odamlarga munosabatining yagona usuli bo‘lmaganligini ham ta’kidlash mumkin. Dunyoviy fikr, dunyoviy turmush tarzi ham u bilan yonma-yon, u bilan teng yashash huquqiga ega bo‘lgan holda rivojlanib kelgan».

 

Keyingi yillarda yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarning tiklanishiga katta e’tibor berilib, bu narsa hukumatimizning ustuvor siyosatiga aylandi. Ko‘plab diniy bayramlarga ommaviy tus berildi, televidenie va matbuot tomonidan diniy masalalar tez-tez yoritila boshlandi. Fuqarolar o‘rtasida diniy ilm va an’analarga qiziqish kuchaydi. Bundan foydalanib, ba’zi g‘arazli shaxslar ma’lum manfaatlar evaziga chet eldan yurtimizga suqulib kirmoqchi bo‘lgan ekstremistik oqimlar «da’vatchi»lariga aylandilar. Ular xorijliklar tomonidan istaganlaricha mablag‘ va diniy adabiyotlar bilan ta’minlandilar. Bu harakatlar tezda o‘z oqibatini ko‘rsatdi. Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahrida uya qurib olgan «Vahhobiychilik» harakati, jumhuriyatimizning deyarli barcha shahar va qishloqlariga etib borishga ulgurgan «Hizbut tahrir» kabi guruhlarning keyingi yillarda Vatanimizning turli joylarida uyushtirgan fitna-fasod harakatlari shundan darak beradi.

 

Modomiki, biz yoshlarimizni, Prezidentiz aytganidek Imom Buxoriylar, Naqshbandiylar va Yassaviylar ta’limoti asosida tarbiyalar ekanmiz, biz ularni turli islom niqobi ostidagi g‘arazli guruhlar bilan buyuk ajdodlarimiz amal qilgan va bizlarga ham tavsiya etgan musaffo islom o‘rtasini ajrata oladigan darajada bilimli qilishimiz zarur bo‘ladi.

 

Vahhobiylik. Vahhobiylik XVIII asrda Arabiston yarim orolida vujudga kelgan dini-siyosiy oqimdir. Uning asoschisi Muhammad ibn Abd al-Vahhob 1703 yili Arabiston yarim oroli Najd o‘lkasining al-‘Uyayna degan joyida tavallud topgan. Bu davrda uning otasi Abd al-Vahhob ibn Sulaymon mustaqil mahalliy amir hokimiyatida qozilik lavozimida xizmat qilar edi. Muhammad yoshligidan diniy ilmlarni o‘z otasi rahbarligida o‘rgana boshladi. U an’anaga ko‘ra, Qur’onni yod oldi, tafsir va hadis ilmlari bilan tanisha boshladi. Bir necha bor Misr, Suriya, Kurdiston, Iroq, Eron mamlakatlarida bo‘lib, ko‘pincha ulamolar suhbatida o‘zining janjalkashligi va mutaassibligi bilan ajralib turgan. U o‘z targ‘botchilik faoliyatini 1730 yillarda boshlab, birinchi maqsadi o‘ziga munosib homiy topish bo‘ldi.

 

1745 yili Muhammad ibn Abd al-Vahhob ad-Dir‘iyya vodiysiga uning amiri Muhammad ibn Sa‘ud taklifiga binoan ko‘chib o‘tdi. Bu bilan Muhammad ibn Sa‘ud o‘z hokimiyatini kuchaytirishda vahhobiylikdek mafkuraviy qurolga ega bo‘ldi. Vahhobiylar o‘zlari xohlagan jamoani kufrda yoki shirkda ayblashlari va unga qarshi jihod e’lon qilishlari mumkin edi. Ibn Sa‘ud esa bu jihodni amalga oshirib, o‘z hokimiyati chegaralarini kengaytirishni boshladi. Muhammad ibn Abd al-Vahhob 1792 yili vafot etdi. Ibn Sa‘ud va uning sulolasi vahhobiylik bayrog‘i ostida olib borgan urushlari 1932 yilda Saudiya Arabistoni davlatining tuzilishi bilan yakunlandi.
 
Vahhobiylik ta’limoti diniy masalalarda din fundamenti, ya’ni Payg‘ambar davri voqeiyliklariga qaytishni talab etdi. Ular barcha muxoliflarini bid’atchilikda, ya’ni dinga yangilik kiritganlikda aybladilar, o‘zlarining siyosiy dushmanlarini esa mushriklikda ayblab, ularga qarshi jihod olib borishga fatvo berdilar. Axloqiy masalalarda nazariy jihatdan, garchi shaxsiy kamtarlik, mol-mulkka hirs qo‘ymaslik, dunyoviy hayotda toat-ibodatga aksariyat vaqtni sarflashni targ‘ib qilsalarda, lekin amalda saroy ahlining bosqinchilik urushlari qo‘shni qabilalar mol-mulklarini talash oqibatida gap bilan amal o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ldi.

 

Vahhobiylik harakatlari Usmoniylar imperiyasi (1453-1924) hududlarida vujudga kelganligi va imperiya bilan bu harakat o‘rtasida bir necha qonli to‘qnashuvlar yuz berganligi tufayli bu oqimda turk islomiga qarshi bo‘lgan kuchli kayfiyat o‘z aksini topdi. Imperiyaning markaziy hududlarida hanafiylik mazhabi mutlaq hukmron mavqega ega bo‘lganligi uchun mazkur maktab qoidalari qattiq tanqid qilindi.

SHuningdek, vahhobiylik harakati mafkurasining markazida avvaliga Arabiston erlarini birlashtirish orqali, keyinchalik butun islom dunyosida islom davlatini shakllantirish g‘oyasi ham mavjud edi. Ular bu maqsad yo‘lida har qanday qurbonliklarga tayyor edilar.

 

Vahhobiylarning chet ellarda ko‘plab tashkilotlari bo‘lib, ular faol harakat olib boradilar. Ularning ko‘pchiligi yashirin siyosiy faoliyat olib boradi. Ish uslublari - diniy hissiyotlari kuchli bo‘lgan fuqarolarni jamiyatlariga tortib, ularni qayta tarbiyalash, so‘ng ulardan tashviqot va ijtimoiy tartibbuzarlik, ekstremistik harakatlarda foydalanish. Bu ishlarga, ayniqsa, yoshlarni, bolalarni, hayot tarzidan norozi bo‘lgan shaxslarni jalb qiladilar. Xayriya fondlari orqali mayib-majruhlarga, etim-esirlarga yordam, diniy ta’lim berish, turli diniy adabiyotlarni tarqatish kabi yo‘llar bilan keng targ‘ibot ishlarini olib boradilar. Kishilarga fanatizm, murosasizlik, o‘zgalar fikrlari va manfaatlariga hurmatsizlik ruhini singdirishga urinadilar.

Al-Ixvon al-muslimun. XIX asr dastlabki yillaridan islom dini tarqalgan mamlakatlar iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayotida katta tarixiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Bu o‘zgarayotgan yangi sharoitlarga diniy-falsafiy, huquqiy normalarning XIX asr yarmidan boshlangan moslashuvi fanda «Islomiy islohotlar» nomini oldi. Lekin bu jarayon haddan tashqari cho‘zilib ketdi va ko‘p sohalarda ziddiyatli hollarni keltirib chiqardi. Ular orasida panislamizm va musulmon jamoalarining boshqa konfessiyalardan ajratish g‘oyasini aytishimiz mumkin. Panislamizm g‘oyasini birinchi bo‘lib ilgari surgan Jamoliddin al-Afg‘oniy (1839-1897) hisoblanadi. U diniy-siyosiy arbob bo‘lib, 1884 yili Parijda Muhammad Abduh (1849-1905) bilan birgalikda «al-Urvat al-vusqo» jurnalini nashr etdi va unda panislamizm g‘oyalarini targ‘ib qila boshladi. Afg‘oniyning g‘oyalarini keyinchalik «Musulmon birodarlar» («al-Ixvon al-muslimun») radikal shakllarida rivojlantirildi.

 

Al-Ixvon al-muslimun - 1928 yili Misrning Ismoiliya shahrida Misrlik shayx Hasan al-Banno tomonidan tashkil etilgan diniy-siyosiy tashkilot. Hasan al-Banno Jamoliddin al-Afg‘oniy, Muhammad Abduh, Rashid Rizo asarlaridan ta’sirlanib, panislamizm g‘oyasida «jihod», «islomiy millatchilik», «islomiy davlat» ta’limotlarini ishlab chiqdi. Al-Ixvon al-muslimun bu ta’limotlar asosida islom dini tarqalgan mamlakatlarda Qur’on va shariatda ifodalangan qoidalarga to‘liq rioya qiluvchi, «islomiy adolat» prinsiplari o‘rnatilgan jamiyat qurish uchun siyosiy kurashni boshlab yubordi.

Al-Ixvon al-muslimun o‘z tarixida bir necha bosqichlarni bosib o‘tdi. 1928-1936 yillardagi davrni xayriya va ma’rifatchilik bosqichi deb atasa bo‘ladi. Keyinchalik u kurash uslubi sifatida terrorni qo‘llash darajasiga etgan siyosiy tashkilot sifatida maydonga chiqdi. Ko‘plab davlatlarda uning faoliyati taqiqlandi.

Keyingi davrda al-ixvon al-muslimun orasida bo‘linish yuz berib, ular 3 yo‘nalishga bo‘linib ketdi:

«mo‘‘tadillar» - Hasan al-Banno va Sayyid Qutb tarafdorlari;

«islom demokratlari» - «islom sosializmi» ta’limoti tarafdorlari;

«at-Takfir va-l-hijra», «al-Jihod», «Hizb at-Tahrir al-islomiy» kabi terror uslubini qo‘llovchi tashkilotlar.

Hizb at-Tahrir al-islomiy (Hizbut tahrir). Hizbut tahrir 1952 yili Quddus shahrida falastinlik ilohiyotchi Taqiy ad-din an-Nabahoniy (1909-1979) tomonidan asos solingan diniy-siyosiy partiya. U Hayfada tug‘ilib o‘sgan, Qohiradagi «al-Azhar» universitetida ta’lim olgan.

Hizbning asosiy maqsadi - avval arab davlatlari miqyosida, keyin islom dunyosi miqyosida va nihoyat jahon miqyosida xalifalik shaklidagi islom davlatini tuzish.  Ularning asosiy da’vosi - Mustafo Kamol Otaturk tomonidan 1924 yili Usmoniy xalifa Ikkinchi Abdulmajid (1922-1924) xalifalikdan g‘ayriqonuniy chetlatildi.  Davlat diniy-islomiy qonunlar asosida xalifa tomonidan idora etilishi lozim. Hizb dasturi 187 banddan iborat bo‘lib, asosiy maqsadi - hokimiyatga erishish. Bundagi asosiy yo‘l - islomiy fikrlovchi shaxslarni shakllantirish. Ularga islomiy ta’lim-tarbiya berish ikki bosqichdan iborat:

1) u bilan islom ta’limotini o‘rgatish yo‘lida madaniy-ma’rifiy ishlar olib borish;

2) siyosiy faoliyatga tortish.

 

Maqsadga erishish uchun kurash uch bosqichdan iborat:

g‘oyaviy-fikriy kurash;

jamiyatda g‘oyaviy inqilobni amalga oshirish;

hokimiyatga faqatgina umma - jamoaning to‘liq roziligidan so‘ng kelish.

 

Hizbut tahrir tarafdorlari ko‘pgina musulmon davlatlari, jumladan Tunis, Iroq, Jazoir, Sudan, Yaman va boshqalarda o‘z faoliyatlarini yashirin olib bormoqdalar. Uning hozirgi kundagi rahbari Abd al-Qadim az-Zallumdir.

Hizbut tahrir tuzilish jihatidan piramida shaklidadir. Har bir guruh (halqa) alohida-alohida bo‘lib, 5-6 kishidan iborat. Guruhlarning o‘quv ishiga «mushrif» rahbarlik qiladi. Undan tashqari guruhda yana bir rahbar - «amir» bo‘lib, u mushrifga mashg‘ulotlarni o‘tkazishda bevosita yordam ko‘rsatadi. Mushrif bir vaqtning o‘zida bir necha guruhda ta’lim ishlarini olib borishi mumkin. O‘qish davomida tinglovchilar diniy mavzudagi mashg‘ulotlar bilan birga siyosiy, jumladan, musulmon davlatlarida sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan o‘rganadilar.

 

O‘zbekiston hududida 1992 yildan boshlab partiyaning boshlang‘ich bo‘linmalari tashkil etila boshlagan. Hizb safiga kiruvchilar o‘z partiyalari haqidagi ma’lumotlarni hech qachon oshkor etmaslikka o‘z mushrifi buyurgan vazifalarni so‘zsiz bajarishga Qur’on bilan qasam ichadilar. Hizb mutasaddilari o‘z tarafdorlarini ko‘proq ziyolilar, ilmiy xodimlar, talaba yoshlar orasidan qidiradilar.

 

Etarli ta’lim olgan shaxslar keyinchalik o‘zlari mustaqil guruh tuzishlari lozim. Tahrirchilarning ta’limi bosqichma-bosqich olib boriladi. Birinchi bosqichda «Islom nizomi» va «Izzat va sharaf sari» kitoblari bo‘yicha o‘qitiladi, «al-Va‘y» jurnalidagi ma’lumotlar muhokama qilinadi. Keyingi bosqichlarda «Demokratiya kufr nizomi», «Siyosiy ong», «Xalifalikning tugatilishi», «Hizbut tahrir tushunchalari», «Islomiy da’vatni yoyish vazifalari va sifatlari» kabi kitoblari o‘qitiladi. Bu adabiyotlar partiya manfaatlarini ko‘zlab, Qur’on oyatlari va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilib dindorlar ongiga ta’sir qilish mo‘ljallangan. Ushbu nashrlar dindorlarni siyosiylashtirilgan islomga targ‘ib etib, ularni fuqaroviy bo‘ysunmaslikka va muomaladagi umumiy qoidalarni inkor etishga chaqiradi.

 

Hozirgi zamon islom ulamolari – YUsuf Qarzoviy, Sayyid Muhammad at-Tantoviy, Nosir ad-din al-Alboniylar Hizbut tahrirni ohod hadislarga, qabr azobiga, sirot ko‘prigiga ishonmasliklari uchun ularni ahl as-sunna va-l-jamo‘a safidan chiqqan hisoblaydilar.

 

Akromiylar. Respublikamiz hududida tashkil topib, hozirda faoliyati deyarli to‘xtatilgan noan’anaviy ham islom ta’limotiga ham konstitusiyaviy davlatchilik asoslariga zid bo‘lgan guruh «Akromiylar»dir.

 

Akromiylar 1996-1997 yillarda Andijonda tashkil topib, uning nomi guruh asoschisi - 1963 yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev Akrom nomi bilan bog‘liq. A. Yo‘ldoshev Hizbut tahrirning etakchisi an-Nabahoniy g‘oyalari asosida 12 darsga mo‘ljallangan «Imonga yo‘l» risolasini yozgan. Shu sababdan akromiylarni «Imonchilar» deb ham yuritiladi.

 

Akromiylar ham davlat tepasiga chiqish kabi g‘arazli maqsadlarni ko‘zlaydilar. Biroq, ular tahrirchilardan farqli o‘laroq, xalifalik davlatini mahalliy sharoitdan kelib chiqib, avvalo Andijonda, so‘ng Farg‘ona vodiysida amalga oshirmoqchi bo‘ldilar. Akromiylar siyosiy hokimiyatga erishishning 5 bosqichini rejalashtirganlar - «sirli», «moddiy», «uzviy», «maydon» va «oxirat». To‘rtinchi va beshinchi bosqichlar tamomila islomlashtirish davri tugagach boshlanishi va ochiqdan-ochiq hokimiyat uchun kurash bosqichlari bo‘lmog‘i lozim edi.


Bu guruh a’zolari asosan hunarmandlardan iborat bo‘lib, ular rasmiy ishxonalardan bo‘shab, jamoa ma’qullagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlar. Zarurat tug‘ilganda «birodarlari»ga «jamoa banki»dan moddiy yordam berganlar. Undan tashqari jamoa a’zolariga tashkiliy ravishda oziq-ovqat mollari tarqatib turilgan. Quda-andachilik faqat «birodarlar» o‘rtasida amalga oshirilgan.


Muallif Admin
Klass! Íðàâèòñÿ